Yoʻlovchilarning majburiyatlari
Yoʻlovchilar transport vositasiga faqat u toʻliq toʻxtagandan soʻng trotuar yoki yoʻl yoqasi tomondan chiqishga va tushishga majburdirlar. Yoʻlovchilarning transport vositalaridan trotuar yoki yoʻl yoqasi tomondan tushishi yoki ularga chiqishining iloji boʻlmagan hollarda, agar bu harakat xavf tugʻdirmasa yoki boshqa yoʻl harakati ishtirokchilariga xalaqit bermasa, yoʻlning qatnov qismi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Mazkur Qoidalarning 9-bandiga muvofiq xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositalarida harakatlanishdan oldin ularni taqib olish, mototsikl, elektromototsikl, moped yoki skuterlarda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida harakatlanishidan oldin esa motoshlemni qadab olishi shart.
O‘zgartirishlar tarixi (2)
23-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 09/24/806/1002-son
23-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son
Yoʻlovchilarga: transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda haydovchini boshqarishdan chalgʻitish (unga xalaqit berish); harakatlanayotgan bortli yuk avtomobillarida tik turish, bortlarda yoki undan yuqoridagi yuk ustida oʻtirish; transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda uning eshiklarini ochish; transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda salondan tana qismlarini (qoʻldan tashqari) chiqarish taqiqlanadi. Bu talablarning bajarilishini haydovchi nazorat qilishi kerak.