Harakatlanish tezligi
Haydovchi harakatlanishning serqatnovligini, transport vositasining va yukning xususiyati hamda holatini, yoʻl va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olib transport vositasini belgilangan tezlikdan oshirmagan holda xavfsizlikni taʼminlovchi tezlik bilan boshqarishi kerak. Tezlik haydovchiga ushbu Qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatlanishini doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerak. Haydovchi transport vositasini boshqarish paytida aniqlay olishi mumkin boʻlgan xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini toʻliq toʻxtashni taʼminlaydigan darajada kamaytirishi yoki toʻsiqni boshqa harakat ishtirokchilari uchun xavf tugʻdirmagan holda aylanib oʻtish choralarini koʻrishi kerak.
O‘zgartirishlar tarixi (1)
77-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 09/24/806/1002-son
Aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, tegishli yoʻl belgilari oʻrnatilgan maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yetmasdan va oʻtib ketib 300 metrdan kam masofada soatiga 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi. Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
O‘zgartirishlar tarixi (1)
78-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi 140-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2023-y., 09/23/140/0191-son
Aholi punktlaridan tashqarida: yengil avtomobillarga va ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan; shaharlararo qatnaydigan avtobuslarga va mikroavtobuslarga tezlikni soatiga 90 kilometrdan oshirmasdan; boshqa avtobuslar, tirkamali yengil avtomobillar, mototsikllar, elektromototsikllar ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 80 kilometrdan oshirmasdan; tirkamali yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish ruxsat etiladi.
O‘zgartirishlar tarixi (1)
79-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son
Har qanday yoʻllarda: yukxonasida odam tashiyotgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan; bolalar guruhini tashkiliy tashiyotgan transport vositalariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan; mexanik transport vositalarini shatakka olgan transport vositalariga tezlikni soatiga 50 kilometrdan oshirmasdan; xavfli, ogʻir vaznli va katta oʻlchamli yuklarni tashiyotgan, tashkiliy jamlanmada harakatlanayotgan transport vositalariga DYHXX bilan kelishilgan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari DYHXX bilan kelishilgan holda, yoʻl sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishni taʼminlaydigan hollarda, yoʻllarning ayrim qismlari yoki harakatlanish tasmalarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yoʻl belgilari oʻrnatib) ruxsat berish masalasini tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritadi.
O‘zgartirishlar tarixi (1)
80-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son
Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi: tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida koʻrsatilgan eng yuqori tezlikdan oshirish; tezlikni transport vositasiga oʻrnatilgan “Tezligi cheklangan” taniqlik belgisida koʻrsatilganidan oshirish; zaruriyat boʻlmaganda juda past tezlikda harakatlanib, boshqa transport vositalariga xalaqit berish; yoʻl-transport hodisasining oldini olish zarurati boʻlmaganda, keskin tormoz berish.