Piyodalarning oʻtish joylari va yoʻnalishli transport vositalarining bekatlari
Tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyiga yaqinlashayotgan transport vositasining haydovchisi qatnov qismining shu yoʻnalishini kesib oʻtayotgan piyoda(lar)ni oʻtkazib yuborish uchun tezligini kamaytirishi yoki toʻxtashi shart.
Agar tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyi oldida transport vositasi harakatini sekinlashtirsa yoki toʻxtasa, qoʻshni tasmalarda harakatlanayotgan boshqa haydovchilar bu transport vositasi oldida piyoda(lar) yoʻqligiga ishonch hosil qilganlaridan soʻnggina harakatlanishni davom ettirishlari mumkin.
Tartibga solingan piyodalar oʻtish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyoda(lar)ga qatnov qismini shu yoʻnalishda kesib oʻtishni tugallashiga imkon berishlari kerak.
Piyodalar oʻtish joylaridan keyin paydo boʻlgan tirbandlik tufayli haydovchi piyodalar oʻtish joyida toʻxtashga majbur boʻladigan boʻlsa, piyodalar oʻtish joyiga kirish taqiqlanadi.
Barcha hollarda, shu jumladan, piyodalar oʻtish joylaridan tashqarida ham haydovchi oq hassa bilan ishora berayotgan koʻzi ojiz piyoda(lar)ni oʻtkazib yuborishi kerak.
Agar yoʻlovchilarni tushirish yoki chiqarish qatnov qismida yoki unda joylashgan maydonchada amalga oshirilayotgan boʻlsa, haydovchi bekatda toʻxtagan yoʻnalishli transport vositasi eshiklari tomon borayotgan yoki undan kelayotgan piyoda(lar)ga yoʻl berishi kerak.
“Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi oʻrnatilgan, avariya ishorasi yoqilgan transport vositasi toʻxtaganda, unga yaqinlashayotgan haydovchi harakat tezligini kamaytirishi, zarur boʻlsa, toʻxtashi va bolalarni oʻtkazib yuborishi shart.
17¹-bob. Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻl orqali harakatlanish
Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan yoʻnalishli jamoat transporti vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yoʻlakda harakatlanishi taqiqlanadi, bundan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari mustasno.
Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻlda harakatlanishi taqiqlangan transport vositalari ushbu yoʻldan faqat yondosh hududga kirish yoki chiqish maqsadida yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha harakatlanishi mumkin. Bunda transport vositasi mazkur yoʻlakda harakatlanib kelayotgan yoʻnalishli transport vositasi harakatiga toʻsqinlik qilmasligi va unga yoʻl bergandan soʻng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi.
O‘zgartirishlar tarixi (1)
171-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-oktabrdagi 658-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2024-y., 09/24/658/0807-son