Foydalanish taqiqlanadigan nosozliklar
Quyidagi nosozlik yoki shartlardan birortasi bo‘lsa, transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi. Tizimlar bo‘yicha guruhlangan.
Tormoz tizimlari
- 1.1
Tormoz tizimining konstruksiyasi oʻzgartirilsa, ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmasa yoki transport vositasining shu turida koʻzda tutilmagan tormoz suyuqligi yoki boshqa qismlar qoʻllanilsa.
- 1.2
Ishchi tormoz tizimining samaradorligi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentda belgilangan talablarga mos kelmasa.
- 1.3
Gidravlik tormoz yuritmasining zichligi (germetikligi) buzilgan boʻlsa.
- 1.4
Dvigatel ishlamay turganda pnevmatik yoki pnevmogidravlik tormoz yuritmasining zichligini buzilishi, boshqaruv qismlari ulanmaganda — 30 daqiqada, ulanganida — 15 daqiqada tizimdagi havo bosimini 0,05 MPa dan koʻpga pasayishiga sabab boʻlishi. Gʻildiraklardagi tormoz kameralaridan siqilgan havo chiqishi.
- 1.5
Pnevmatik yoki pnevmogidravlik tormoz yuritmasining manometri ishlamasa.
- 1.6
Toʻxtab turish tormoz tizimi transport vositalarini quyidagi joylarda harakatsiz holatda ushlab tura olmasa:
Davomini o‘qish · yana 4 qator
toʻliq jihozlangan holatdagi transport vositalarini — 16 foizdan kam boʻlmagan qiyalikda; toʻliq jihozlangan holatdagi yengil avtomobillarni va avtobuslarni — 25 foizdan kam boʻlmagan qiyalikda; toʻliq jihozlangan holatdagi yuk avtomobillarini va avtopoyezdlarni — 31 foizdan kam boʻlmagan qiyalikda; Izoh: Toʻxtab turish tormoz tizimi sinovdan oʻtkazilayotganda dvigatel transmissiyadan ajratilgan boʻlishi kerak.
Boshqaruv qurilmasi
- 2.1
Boshqaruv qurilmasining lyuft yigʻindisi reglament (qatʼiy belgilangan) sharoitlardagi sinovlarda quyidagi koʻrsatkichdan katta boʻlmasligi kerak: Transport vositasining toifasi Yoʻl qoʻyilgan lyuft koʻrsatgichi (gradusda) M1 10o M2, M3, N1 20o N2, N3 25o
- 2.2
Detal va bogʻlamlarning konstruksiyasida koʻzda tutilmagan siljishlari boʻlsa. Rezbali birikmalar tegishli ravishda mahkamlanmagan yoki oʻrnatilgan usulda qotirilmagan boʻlsa, rul kolonkasining qulflovchi moslamasi ishlamasa.
- 2.3
Boshqaruv qurilmasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan kuchaytirgich yoki mototsikllarda tebranishni pasaytiruvchi moslama (dempfer) nosoz boʻlsa yoki umuman boʻlmasa.
- 2.4
Boshqaruv qurilmasida qoldiq deformatsiya izlari, darz ketgan joylari va boshqa nuqsonlari boʻlgan qismlar oʻrnatilgan, shu transport vositasi turida koʻzda tutilmagan yoki ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmaydigan qismlar va suyuqliklar qoʻllangan boʻlsa.
Tashqi yoritqichlar
- 3.1
Tashqi yoritgichlar soni, turi, joylashuvi va ishlash tartibi transport vositasining konstruksiyasi talabiga mos kelmasa. Ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan yengil avtomobillarga boshqa turdagi va rusumdagi foydalanishda boʻlgan transport vositalarining tashqi yoritgichlarini oʻrnatishga ruxsat etiladi. Har qanday tashqi yoritgichlar (burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq, avariya ishorasi chiroqlaridan tashqari) miltillamasligi kerak.
- 3.2
Yorituvchi chiroq nurining yoʻnalishi buzilgan boʻlsa.
- 3.3
Agar tashqi yoritgichlar va nur qaytargichlar belgilangan tartibda ishlamayotgan yoki ifloslangan boʻlsa.
- 3.4
Yoritish asboblarida nur sochuvchisi boʻlmasa yoxud tegishli yorugʻlik asboblari turiga mos boʻlmagan nur sochuvchi va ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan koʻzda tutilmagan lampalardan foydalanilgan boʻlsa.
- 3.5
Rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalarni oʻrnatilishi, ularning mahkamlanishi va yorugʻlik ishoraning koʻrinishi belgilangan talablarga javob bermasa.
- 3.6
Transport vositasida quyidagilar:
Davomini o‘qish · yana 6 qator
old qismida — oq yoki sariq rangdan boshqa rangli tumanga qarshi faralar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq, oq rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa; orqa qismida — oq yoki sariq rangdan boshqa rangli orqaga harakatlanish, oq rangdan boshqa roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgilarini yorituvchi chiroqlar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq, qizil rangdan boshqa rangli tashqi yoritgichlar, qizil rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa; yon qismida — sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli yoritgichlar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa; velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich yoki chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich yoki chiroq, yon tomonlariga esa, zargʻaldoq yoki qizil rangli nur qaytargich oʻrnatilmagan boʻlsa; Individual harakatlanish vositalari old tomonidan fara chiroqlari va orqa tomonida ogohlantirish chiroqlari yoki nur qaytargichlar bilan jihozlanmagan boʻlsa; yuk avtomobillari va tirkamalarning yon tomoniga zargʻaldoq rangli va orqa tomoniga qizil rangli kuzovning gabarit parametrlarini belgilab turuvchi nur qaytargichlar oʻrnatilmagan boʻlsa.
O‘zgartirishlar (1)
3.6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son
Oyna tozalagichlar va oyna yuvgichlar
- 4.1
Oyna tozalagich belgilangan tartibda ishlamayotgan boʻlsa.
- 4.2
Transport vositasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan oyna yuvgich ishlamayotgan boʻlsa.
Gʻildiraklar va shinalar
- 5.1
Shina protektori naqshlarining qoldiq balandligi N2, N3, O3, O4 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 1,0 mm dan kam boʻlsa;
Davomini o‘qish · yana 4 qator
M1, N1, O1, O2 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 1,6 mm dan, kam boʻlsa; M2, M3 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 2,0 mm dan kam boʻlsa; Mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlar, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalari uchun — 0,8 mm dan kam boʻlsa. Izoh: tirkamalar shinasi naqshlarining qoldiq balandligi shatakchi transport vositasi shinalari uchun belgilangan meʼyor kabidir.
O‘zgartirishlar (1)
5.1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son
- 5.2
Shinalarda kordning koʻrinishiga olib kelgan tashqi nuqsonlar (teshilgan kesilgan, yorilgan) hamda karkas qatlamlari ajralgan, protektor va yon qismlari koʻchgan boʻlsa.
- 5.3
Qoʻshaloq shinalar orasiga xavf-xatar tugʻdiruvchi begona jismlar qisilib, tiqilib qolgan boʻlsa.
- 5.4
Shina oʻlchamlari yoki yoʻl qoʻyilgan ogʻirlik transport vositasining turiga mos kelmasa.
- 5.5
Transport vositasining bitta oʻqiga har xil oʻlchamli va konstruksiyali (dioganalli va radialli, kamerali va kamerasiz), har xil naqshli, sovuqqa chidamli va chidamsiz, yangi va qayta tiklangan, yangi va protektor naqshi chuqurlashtirilgan, turumlangan va turumlanmagan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
- 5.6
N2 va N3 toifadagi kapotsiz tuzilishli magistral tyagach (shatakchi) larning oldingi oʻqiga va M3 toifani II va III klassdagi avtotransport vositalarini oldingi oʻqiga qayta tiklangan shinalar, boshqa oʻqiga esa ikkinchi taʼmirlash klassi boʻyicha qayta tiklangan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
- 5.7
M1, M2, M3 toifalarni I klassidagi avtotransport vositalarini oldingi oʻqiga, M3 toifani II va III klassidagi avtotransport vositalarini oʻrta va orqa oʻqlariga ikkinchi taʼmirlash klassi boʻyicha qayta tiklangan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
- 5.8
Gʻildirakni mahkamlovchi bolt (gayka) boʻlmasa, disk va gʻildirak obodlari darz ketgan boʻlsa yoki mahkamlash teshiklarining shakli va oʻlchamlari koʻrinadigan darajada buzilgan boʻlsa.
Dvigatel
- 6.1
Ishlab chiqarilgan gazlar tarkibida zararli moddalar yoki tutash darajasi belgilangan meʼyordan ortiq boʻlsa.
- 6.2
Yonilgʻi uzatish tizimi zich boʻlmasa.
- 6.3
Ishlab chiqarilgan gazlarni chiqarib tashlash tizimi buzuq boʻlsa.
- 6.4
Karterni shamollatish tizimining zichligi buzilgan boʻlsa.
- 6.5
Aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalarini hamda dvigatel shovqinini belgilangan meʼyordan baland ovozda qilib foydalanish.
Transport vositasi konstruksiyasining boshqa tarkibiy qismlari
- 7.1
Orqa tomonni koʻrsatuvchi koʻzgular soni, joylashuvi va turi belgilangan talablarga mos kelmasa, transport vositasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan oynalari boʻlmasa.
- 7.2
Tovushli ishora ishlamasa.
- 7.3
Haydovchining joyidan tevarak-atrof koʻrinishini cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan va qoplamalar tushirilgan boʻlsa. Transport vositasi salonidagi va ikki yonidagi orqa tomonni koʻrish koʻzgusiga koʻrinishini cheklaydigan buyum, narsa yoki jihozlar taqilgan boʻlsa.
- 7.4
Barcha transport vositasining old, yon oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70 foizdan kam boʻlsa, avtomobil tomidagi lyuk oynasi, shuningdek, ruxsatnoma asosida tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalarining oynalari bundan mustasno. Izoh. III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining orqa va yon oynalariga pardalar, ikki yonga orqa tomonni koʻrish uchun tashqi koʻzgusi mavjud boʻlgan barcha toifadagi avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, ushbu orqa oynalarga parda (chiy parda, darparda) oʻrnatishga ruxsat beriladi.
- 7.5
Konstruksiyasida koʻzda tutilgan yukxona yoki kabina eshiklarining qulflari, yuk platformasi bortlarining yopqichlari, sisternalar ogʻzining qulflari va yonilgʻi idishining qopqoqlari, haydovchi oʻrindigʻi holatini sozlovchi qurilma, avtobusda falokat yuz bergan vaqtida eshiklarni ochish moslamasi va toʻxtatish talabi ishorasi, avtobus salonini yoritish asboblari, falokat yuz bergan vaqtda chiqish joylari va ularni harakatga keltiruvchi moslamalari, eshiklarni ochish va yopish qurilmalari, spidometr, taxograf, oynalarni isituvchi va shamollatuvchi moslamalari va haydab olib qochishga qarshi moslamalari ishlamaydi.
- 7.6
Spidometr qurilmasi nosoz va tamgʻalanmagan (shaxsiy transport vositalari, mototsikl, elektromototsikl, skuter, mopedlar, kichik hajmdagi mototransport vositalaridan tashqari) boʻlsa;
O‘zgartirishlar (1)
7.6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son
- 7.7
Transport vositasi konstruksiyasida koʻzda tutilgan orqa himoya vositasi, loy toʻsgichlar boʻlmasa.
- 7.8
Ishlab chiqargan korxona tomonidan koʻzda tutilmagan antenna, sirena, ratsiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritgichlar, konstruksiyasida koʻzda tutilmagan nostandart yukxonalar va boshqalar belgilanmagan joyda va tegishli ruxsatsiz oʻrnatilsa.
- 7.9
Tirkama boʻgʻimining tortish-tirkash yoki tayanch-tirkash moslamasi nosoz hamda konstruksiyasida koʻzda tutilgan ehtiyot poʻlat arqon (zanjir) yoʻq yoki nosoz boʻlsa. Mototsikl yoki elektromototsikl ramasi bilan yon tirkama ramasi mahkamlangan joyda lyuft boʻlsa.
O‘zgartirishlar (1)
7.9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son
- 7.10
Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan boʻlsa:
Davomini o‘qish · yana 5 qator
M2, M3 toifadagi — favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolgʻacha, tibbiyot qutichasi, 2 ta oʻt oʻchirgich (bittasi haydovchining kabinasida, ikkinchisi — yoʻlovchilar salonida), majburiy toʻxtaganini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet); M1, N1, N2, N3 toifadagi, mikroavtobus va gʻildirakli traktorlarda tibbiyot qutichasi, oʻt oʻchirgich, majburiy toʻxtaganligini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet); M3, N2, N3 toifadagi — oʻzi yurib ketishidan saqlovchi, gʻildirak diametriga muvofiq (kamida ikkita) tirgak; O toifadagi, traktorlar, aravalar va boshqa oʻziyurar mashinalarda — tashqi nur qaytargichlar; kajavali mototsikllar va elektromototsikllarda — tibbiyot qutichasi, majburiy toʻxtaganligini bildiruvchi belgi.
O‘zgartirishlar (1)
7.10-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son
- 7.11
Mototsikl va elektromototsiklarda konstruksiyasida koʻzda tutilgan xavfsizlik yoyi (duga) boʻlmasa.
O‘zgartirishlar (1)
7.11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son
- 7.12
Mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterlarda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida konstruksiyasida koʻzda tutilgan oyoq tiragich, egarida yoʻlovchi uchun koʻndalang tutqich boʻlmasa.
O‘zgartirishlar (1)
7.12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son
- 7.13
Konstruksiyasida koʻzda tutilgan xavfsizlik kamarlari va oʻrindiqlarning bosh suyanchiqlari boʻlmasa.
- 7.14
Xavfsizlik kamarlari ishga yaroqsiz yoki tasmasida koʻrinadigan yirtiqliklar mavjud boʻlsa.
- 7.15
Transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari yoki ularni oʻrnatish usuli belgilangan talablarga javob bermasa. Transport vositasida roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini koʻrinishini cheklaydigan, toʻgʻri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar oʻrnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan boʻlsa.
- 7.16
Yarim tirkamada tayanch moslamasi, tayanchlarni transport holatida qulflovchi moslama, tayanchlarni koʻtarish va tushirish moslamasi yoʻq yoki nosoz.
- 7.17
Ehtiyot (zaxira) gʻildirakni ushlab turgich, lebyodka va ehtiyot gʻildirakni koʻtarish — tushirish qurilmasi ishlamasa. Lebyodkaning xrapli qurilmasi barabanni mahkamlash kanati bilan qulflanmayotgan boʻlsa.
- 7.18
Dvigatel, uzatmalar qutisi, reduktorlar, orqa koʻprik, ilashish (ssepleniye) mexanizmi, akkumulyator batareyasi, sovitish va konditsioner tizimlari va transport vositasiga qoʻshimcha oʻrnatiladigan gidravlik qurilmalarning (moslamalarning) birikmalari va zichlagichlarining zichligi buzilgan boʻlsa.
- 7.19
Gazli taʼminlash tizimi bilan jihozlangan avtobus va avtomobil gaz ballonlarining tashqi tomonida koʻrsatilgan texnik koʻrsatgichlar texnik pasportdagi maʼlumotlarga mos kelmasa, oxirgi va rejalashtirilayotgan tekshiruvlarning sanasi boʻlmasa.
- 7.20
Transport vositalarining tashqi yuzasiga qonunchilik hujjatlariga mos kelmaydigan, harakat xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi turli xil tasvirlar tushirilgan, oynalariga (lyukdan tashqari) reklama chizilgan (qoplangan) boʻlsa. Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan koʻzda tutilmagan hollarda kuzov (kabina) bir necha xil rangga boʻyalgan, plyonka yopishtirilgan yoki rangi, tusi oʻzgartirilgan boʻlsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).
- 7.21
Transport vositalari oʻzboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan boʻlsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli boʻyoq sxemalar, yozuvlar va belgilar boʻlsa.
- 7.22
DYXXX organlarining ruxsatisiz transport vositalarining konstruksiyasiga oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa.
Davomini o‘qish · yana 31 qator
Transport vositalariga boshqa turdagi moldinglar, gʻildirak qopqoqlari oʻrnatilishiga, shuningdek, ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan avtomobillarga boshqa turdagi va rusumdagi transport vositalarining buferlarini oʻrnatishga ruxsat etiladi. Ushbu ilovada Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentda belgilangan avtotransport vositalarini tasnifi (klassifikatsiyasi) keltirilgan: M toifasi — kamida toʻrt gʻildirakka ega boʻlgan va yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan mexanik transport vositalari, shu jumladan: M1 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari. M2 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t gacha boʻlgan avtotransport vositalari. M3 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan koʻp boʻlgan avtotransport vositalari. M2 va M3 toifalardagi avtotransport vositalari quyidagi klasslarga mansub: a) uch klassdan (I, II, III) bittasiga yoki bir nechtasiga; b) ikki klassdan (A, V) bittasiga. I klass — yoʻlovchilar salonda bemalol yurishi maqsadida konstruksiyasida turib ketadigan yoʻlovchilar uchun joylar koʻzda tutilgan avtotransport vositalari. II klass — konstruksiyasi asosan oʻtirib ketadigan yoʻlovchilar uchun moʻljallangan va qatorlar orasida va (yoki) ikkita birlashgan oʻrindiq uchun ajratilgan joy chegarasidan chiqmasdan joylashib, turib ketadigan yoʻlovchilarni ham tashish koʻzda tutilgan avtotransport vositalari. III klass — konstruksiyasi faqat oʻtirib ketadigan yoʻlovchilar uchun moʻljallangan avtotransport vositalari. A klass — turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalari; bu klassdagi transport vositalari oʻrindiqlar bilan jihozlangan va ularda turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish koʻzda tutilgan. V klass — turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallanmagan avtotransport vositalari. Mikroavtobuslar yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan, haydovchidan tashqari 16 tagacha oʻtiradigan yoʻlovchi uchun joy boʻlgan V klassdagi avtotransport vositasi. N1 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari. N2 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 12 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari. N3 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 12 t dan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari. O toifasi — tirkamalar (yarim tirkamalar ham). O1 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan oshmaydigan tirkamalar. O2 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan ortiq, lekin 3,5 t dan oshmaydigan tirkamalar. O3 toifasi — eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 10 t dan oshmaydigan tirkamalar. O4 toifasi — eng katta vazni 10 t dan ortiq boʻlgan tirkamalar. L toifasi — mototransport vositalari. L1 toifasi — maksimal konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan, ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm3 gacha boʻlgan yoki elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan ikki gʻildirakli transport vositasi; L2 toifali — maksimal konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan, ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm3 gacha boʻlgan yoki elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan uch gʻildirakli transport vositasi; L3 toifali — ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm3 va undan oshadigan, konstruktiv tezligi (har qanday dvigatelli) soatiga 50 kilometr va undan oshadigan ikki gʻildirakli transport vositasi; L4 toifali — ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm3 va undan oshadigan yoki konstruktiv tezligi (har qanday dvigatelli) soatiga 50 kilometr va undan oshadigan, oʻrtacha uzunlama tekislikka nisbatan asimmetrik kajavali uch gʻildirakli transport vositasi; L5 toifali — ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm3 va undan oshadigan, konstruktiv tezligi (har qanday dvigatelli) soatiga 50 kilometr va undan oshadigan yoki transport vositasining oʻrtacha uzunlama tekisligiga nisbatan simmetrik kajavali uch gʻildirakli transport vositasi; L6 toifali — akkumulyatorlarini hisobga olmaganda (elektr transport vositalari uchun) vazni 350 kilogrammdan oshmaydigan maksimal konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan yoki ichki yonuv dvigatelining ish hajmi 50 sm3 gacha yoxud elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 4 kilovattdan oshmaydigan toʻrt gʻildirakli transport vositasi; L7 toifali — L6 toifadagi transport vositalaridan farqli oʻlaroq akkumulyatorlarini hisobga olmaganda (elektr transport vositalari uchun) toʻliq vazni 400 kilogrammdan (yuk tashish uchun moʻljallangan transport vositalari uchun 550 kilogrammdan) oshmaydigan va elektrodvigatelining nominal maksimal quvvati 15 kilovattdan oshmaydigan toʻrt gʻildirakli transport vositasi.
O‘zgartirishlar (1)
7.22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-sonli qaroriga asosan yigirma beshinchi — oʻttiz ikkinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son
Manba: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori, 3-ilova (lex.uz), so‘nggi o‘zgartirishlar bilan.